Рубрики
Kasalliklar

Bolaning ichi yashil kelsa, nima qilish kerak?


Mobil ilovani yuklab oling

Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.


Najasning eng tashvishli o’zgarishlaridan biri bu — uning odatdagidan boshqacha ko’rinishda bo’lishi sanaladi. Chaqaloq yoki bolaning ichi yashil kelsa, bu ko’pchilik yosh onalarni tashvishga solib qo’yadi. Yashil najas axlat o’zgarishlarining eng keng tarqalgan ko’rinishidir. Bu holat bolalar o’rtasida juda keng tarqalgan va najas rangining normal o’zgarishidir.

Najas odatda jigarrangdir, lekin har kuni uning rangi o’zgarishi mumkin. Bu odatda tashvishga sabab bo’lmaydi. Bolalardagi yashil axlatning sabablari ularning yoshiga qarab har xil bo’lishi mumkin.
Yashil najas ba’zida biror kasallik borligini ko’rsatishi mumkin bo’lsa-da, bu holat jiddiy, tashvishlanarli sabab bo’la olmaydi.

Keling yaxshisi, ushbu maqolada agar bolaning ichi yashil kelsa bu nimani anglatishini, yashil najasga nima sabab bo’lishini va agar bolangizning axlati yashil ekanligini sezsangiz nima qilish kerakligini muhokama qilaylik.

Yashil najas nima?

Yashil najas ko’pincha, farzandingiz iste’mol qilgan narsa, u qabul qilgan vitamin yoki doriga bog’liq bo’lib, u bolada diareya, qorin og’rig’i kelib chiqishiga sabab bo’lishi mumkin.

Yashil najas, ayniqsa, yangi tug’ilgan chaqaloqlarda keng tarqalgan bo’lsa-da, ba’zan yosh bolalarda yoki yoshi katta bolalarda ham paydo bo’lishi mumkin.

Alomatlar

Yashil najas o’z-o’zidan paydo bo’lishi yoki oshqozon buzilishi bilan kechadigan ba’zi alomatlar bilan birgalikda yuzaga kelishi mumkin:

  • Odatda, shakllangan najas vaqti-vaqti bilan yashil tusni olishi mumkin; bu najasning normal rang o’zgarishi
  • Ba’zida ko’rinishidan qora bo’lib ko’ringan najas aslida to’q yashil ko’rinishda bo’lishi mumkin
  • Yashil najas diareya paytida suyuq ko’rinishdagi najas shaklida bo’lishi mumkin.

Bolaning ichi yashil kelishi sabablari?

Chaqaloqlar va yosh bolalarda axlatning yashil rangda bo’lishiga ko’plab omillar sabab bo’ladi va bu kamdan-kam hollarda jiddiy tibbiy muammolar borligini ko’rsatadi.
Barcha yoshdagi bolalarda bir vaqtning o’zida yashil najas bo’lishi mumkin, ammo buning sabablari va chastotasi bolaning yoshiga qarab turlicha bo’ladi.

Chaqaloqlarda yashil najas

Go’dak yoshdagi bolalarda va ayniqsa, yangi tug’ilgan chaqaloqlarda najasning yashil rangda bo’lishi ko’plab kuzatiladi. Buning sabablari quyidagilar:

  • Yangi tug’ilgan chaqaloqning birinchi axlati mekoniy qora-qatron ko’rinishda bo’ladi, lekin bu ba’zan yashil rangga ega bo’lishi ham mumkin.
  • Haddan tashqari ko’p safro ajralishi ham axlat yashil tusda bo’lishiga olib kelishi mumkin.
  • Ko’krak suti bilan oziqlanadigan bolaning axlati mekoniydan keyin birdaniga yashil tusga ega bo’lishi mumkin.
  • Yashil najas onaning ratsionidagi oziq-ovqatga nisbatan kelishmovchilikni ko’rsatishi mumkin, bunday holatda chaqaloqda birmuncha noqulayliklar, ich dam bo’lishi kabi holatlar kelib chiqqanligini ko’ramiz.
  • Virusli yoki bakterial infeksiyalar axlatning suyuq, yashil rangga kelib qolishiga sabab bo’lishi mumkin.
  • Farzandingiz ratsioniga qattiq mahsulotlarni, ayniqsa, yashil sabzavotlarni kiritganingizda ham uning axlati yashil rangga aylanishi mumkin.

Yangi tug’ilgan chaqaloqda birinchi besh kundan keyin ham quyuq yashil najas ajralishi davom etsa, bola ona tomonidan to’g’ri ovqatlantirilayotganligi va yetarlicha vazn yig’ayotganligini tekshirish zarur. Agar yosh ona to’g’ri emizish qoidalariga rioya qilmasa yoki bu borada bilim va ko’nikmalari kam bo’lsa, bola parvarishlash, jumladan to’g’ri emizish bo’yicha mutaxassislar yordamini olishi lozim.

Kichkintoylarda yashil najas sababi

  • Yashil rangga ega, bo’sh va suvli axlatni keltirib chiqaradigan kasallik diareya. Parazitlar ham diareyaga olib kelishi mumkin. Bolalar qo’llarini yuvishga odatlanmaganligi va to’g’ri bajara olmaganligi sababli, bolalar parazitlarga ko’proq moyil bo’lishadi.
  • Agar farzandingiz qo’shimcha ovqat iste’mol qilsa, bu ham uning axlatini yashil rangga aylantirishi mumkin.
  • Vitaminlar, ayniqsa, temir moddasini o’z ichiga olgan dori moddalari bolaning najasi yashil rangda bo’lishiga olib kelishi mumkin.

Katta yoshdagi bolalarda

  • Yashil mahsulotlarni iste’mol qilish.
  • Turli dori-darmonlarni yoki vitaminlarni qabul qilish.
  • Diareya bo’lishi yoki oshqon buzilishi axlatning yashil tusda bo’lishiga olib kelishi mumkin.

AAP ma’lumotlariga ko’ra, yashil najas jiddiy tashvishlanishga sabab bo’la olmaydi. Biroq, najas yashil, ma’lum bir shaklga ega bo’lmay, suyuq bo’lsa va tez-tez ajralsa, bunday holat ko’pincha, bolada diareya bo’layotganligidan dalolat beradi, bunda barcha yoshdagi bolalarga e’tibor va g’amxo’rlik talab qilinadi. Chunki diareya bolalarda suvsizlanish hamda bola axlatida qon bo’lishi singari tashvishli va hayot uchun xavfli bo’lgan holatlarga sabab bo’lishi mumkin.

Chaqaloqlarda yashil najas bevosita tashvishlanadigan holat bo’lmasa-da, diareya bilan birga keladigan yashil axlat xavflidir. Ma’lumotlarga ko’ra, dunyo bo’ylab diareya 5 yoshgacha bo’lgan bolalar o’limi sabablari ichida yetakchi kasallik hisoblanadi.

Qachon shifokorga ko’rish kerak?

Shu bilan bir qatorda, ona yoki bola parvarishlovchi uchun tashvishlanadigan holatga sabab bo’la oladigan najas ko’rinishlari ham mavjud.

Agar farzandingizning axlati oq, qizil (ayniqsa, yorqin qizil) yoki qora tusda bo’lsa, darhol pediatringizga murojaat qilishingiz kerak.

Axlatning bunday ranglarda bo’lishi jiddiy muammo borligini ko’rsatmasligi mumkin, ammo, bunday holat shifokoringizga murojaat qilishni va uning tekshiruvini talab qiladi.

Ogohlantirish belgilari

Agar chaqaloq yoki bolada diareya va quyidagi alomatlardan biri bo’lsa, shifokorga murojaat qiling:

  • suvsizlanish belgilari;
  • bir kundan ortiq qusish;
  • isitma 38,0 ºC dan yuqori;
  • ovqatlanishga qiziqishning yo’qligi.

Ushbu maqolani tayyorlashda www.parents.com hamda www.medicalnewstoday.com sayti ma’lumotlaridan foydalanildi va «Lalu» jamoasi tomonidan tayyorlandi.

Добавить комментарий

error: Saytdan maʼlumot ko‘chirish mumkin emas!