Mobil ilovani yuklab oling
Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.
Homiladorlikning jigar ichi xolestazi, odatda homiladorlik xolestazi deb ataladi, bu homiladorlikning oxirgi muddatlarida yuzaga keladigan jigar kasalligidir. Holat kuchli qichishishni keltirib chiqaradi, ammo ayol tanasida toshmalar kuzatilmaydi. Qichishish odatda qo’l va oyoqlarda paydo bo’ladi, shu bilan birga tananing boshqa qismlariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Kasallik homilador ayolni qichishish kabi yoqimsiz holat bilan bezovta qilishi bilan birga, rivojlanayotgan homila salomatligiga jiddiy xavf ham soladi.
Alomatlari
Tanadagi kuchli qichishish homiladorlik xolestazining asosiy belgisidir. Hech qanday toshmalar kuzatilmaydi. Aksariyat ayollar qo’l kaftlarida yoki oyoq tagida qichishish yuzaga keladi, lekin ba’zi ayollarda butun tanasida qichishish holati bo’lishi mumkin. Homiladorlikda qichishish ko’pincha kechasi kuchayadi va shu sababdan homilador ayolda uyqusizlik kuzatiladi.
Qichishish homiladorlikning uchinchi trimestrida ko’proq uchraydi, lekin ba’zida bu holat ertaroq boshlanishi ham mumkin. Tug’ilish sanasi yaqinlashgan sayin bu yana ham kuchayadi. Biroq chaqalog’ingiz dunyoga kelgandan so’ng, qichishish odatda bir necha kun ichida yo’qoladi.
Homiladorlik xolestazining boshqa kamroq namoyon bo’ladigan belgilari quyidagilarni o’z ichiga olishi mumkin:
- Terida va ko‘zning oq qismida sarg‘ayish (sariqlik)
- Ko’ngil aynishi;
- Ishtahaning pasayishi yoki yo’qolishi.
- To’q rangli peshob;
- Och rangli najas;
- Charchoq (haddan tashqari charchoq);
- Qorinning yuqori o’ng qismida og’riq.
Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Agar tanangizda, ayniqsa qo’l va oyoqlarda doimiy yoki kuchli qichishish holati kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qiling.
Homiladorlik xolestazi sabablari
Homiladorlik xolestazi kasalligini sababi aniq emas. Homilador ayol irsiyati bu holatda muhim rol o’ynaydi. Ba’zida bu holatlar oila tarixida oilaviy kasallik sifatida uchraydi. Shuningdek, ayrim bir genetik variantlar ham aniqlangan.
Bu holatda homiladorlik gormonlari ham ishtirok etishi mumkin. Homiladorlik gormonlari darajasi tug’ilish sanasi yaqinlashganda ko’tariladi. Shifokorlarning fikriga ko’ra, bu jigarda hosil bo’lgan ovqat hazm qilish tizimidagi yog’larni parchalashga yordam beradigan safroning normal oqishini sekinlashtirishi mumkin. Safro jigardan chiqish o’rniga, organda to’planadi. Natijada, safro qon oqimiga kiradi, bu esa qichishish holati yuz berishiga sabab bo’ladi.
Xavfni keltirib chiqaruvchi omillar
Homiladorlikda ayollarda xolestaz rivojlanish xavfini oshirishi mumkin bo’lgan omillar quyidagilardir:
- Oldin homiladorlik xolestazi bilan kasallangan yaqin qarindoshining mavjudligi;
- Oldingi homiladorlikda xolestaz kasalligi mavjud bo’lganda, keyingi homiladorlikda uning qayta sodir bo’lish xavfi 60-70% ni tashkil qiladi*;
- Bir va undan ortiq bolaga homilador bo’lish;
- Homiladorlikdan oldin jigarda zararlanish holati kuzatilgan bo’lsa;
- Sun’iy urug’lantirish natijasida homilador bo’lish.
Davolash va oldini olish
Davolash odatda simptomlarni, asosan qichishishni bartaraf etishga va yuzaga kelishi mumkin bo’lgan asoratlarning oldini olishga qaratilgan.
Homiladorlik davrida xolestaz va boshqa muammolar xavfini kamaytirish uchun ho’l meva va sabzavotlar bilan sog’lom, muvozanatli parhezga rioya qilish muhimdir.
To’g’ri tartibda ovqatlanish homiladorlik xolestazi bilan og’rigan ayollarga kasallikning jiddiy asoratlarini kamaytirishga yordam beradi. Jigar faoliyatiga yordam beradigan ovqatlar ayniqsa, foydali bo’lishi mumkin. Bu holat ozuqa moddalarining so’rilishiga xalaqit berganligi sababli, iloji boricha ko’proq ozuqaviy moddalarga boy ovqatlar iste’mol qilish ham muhimdir.
Muolajalar va diyetaga oid bo’lgan shifokor ko’rsatmalariga rioya qilish muhimdir. Diyeta bu shifokor yozib bergan dori-darmonlarga muqobil variant emas.
Foydali: Homilador ayol uchun foydali sabzavotlar
Homiladorlik xolestazi asoratlari
Homiladorlik xolestazi bilan bog’liq asoratlar onada va/yoki rivojlanayotgan chaqaloqda yuzaga kelishi mumkin.
Bo’lajak onalarda bu holat vaqtincha tananing yog’ni qabul qilish holatiga ta’sir qilishi mumkin. Oz miqdordagi yog’ning so’rilishi qon ivishida ishtirok etadigan K vitamin darajasining pasayishiga olib keladi. Ammo bu asorat kamdan-kam hollarda sodir bo’ladi.
Xolestaz bilan og’rigan odamlarda K vitamini past darajada bo’ladi, bu qon ketish ehtimolini oshiradi, shuning uchun tug’ruqdan oldin va keyin ko’pincha K vitamini qo’shimchalariga ehtiyoj seziladi.
Chaqaloqlarda homiladorlik xolestazining asoratlari jiddiy bo’lishi mumkin. Ular quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Erta tug’ilish;
- Mekoniy bilan nafas olish tufayli nafas olish bilan bog’liq muammolar;
- Homiladorlikning so’ngida, tug’ruqdan oldin bolaning o’limi (o’lik tug’ilish).
Bu kabi asoratlar chaqalog’ingiz sog’lig’i uchun juda xavfli hisoblanganligi uchun shifokor tug’ruq jarayonini erta qo’zg’atish mumkin.
Shuning uchun homilador ayol o’zida kuchli qichishish yoki boshqa normal bo’lmagan o’zgarishlarni sezsa, darhol shifokorga murojaat qilish muhim ahamiyatga ega.
Ushbu maqola my.clevelandclinic.org hamda mayoclinic.org ma’lumotlari asosida «Lalu» jamoasi tomonidan tayyorlandi.