Mobil ilovani yuklab oling
Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.
Issiqlik toshmasi (baʼzi hollarda tikanli issiqlik deb nomlanuvchi) teri kasalligi chaqaloqlar va yosh bolalarda asosan issiq ob-havo kunlarida uchraydi.
Issiqlik toshmasi nima sababdan paydo boʻladi?
Tikanli issiqlik yoki miliariya deb ataluvchi ushbu toshma haddan tashqari terlash tufayli ter bezlari toʻsilib qolganda yuzaga keladi. Natijada terida qizil dogʻlar yoki pufakchalar paydo boʻladi. Bu kasallik koʻpincha yozda, issiq va nam havoda avj oladi. Sintetik matolardan tikilgan issiq kiyimlar kasallikni yanada yomonlashishiga sabab boʻlishi mumkin.
Issiqlik toshmasi turlari
Issiqlik toshmasining bir nechta turlari mavjud:
- Kristalli issiqlik (Miliaria crystallina) — issiqlik toshmalarining eng yengil turi. Bu epidermis deb ataluvchi terining yuqori qatlamiga taʼsir qiladi. Bunda chaqaloqning terisida mayda, oq, pufakchaga oʻxshash toshmalarni koʻrishingiz mumkin;
- Qizil issiqlik (Miliaria rubra) — issiqlik toshmasining bu turi terining tashqi qatlamida chuqurroq joylashgan boʻladi. Miliaria rubra koʻpincha tikanli issiqlik deb ataladi, toshma atrofidagi teri qizarib, ogʻriqli bo’ladi va qichiy boshlaydi;
- Chuqur issiqlik (Miliaria profunda) — terining eng chuqur qatlamiga (dermis) taʼsir qiladi. Kichkintoylar va bolalar orasida juda kam uchraydi. Odatda kattalarning oyoq, qoʻl va qorin terisi yuzasida paydo boʻladi.
Foydali maqola: Bolalarda qorin dam bo’lishi sabablari
Issiqlik toshmasi belgilari
Issiqlik toshmasi terida mayda qizil-pushti pufakcha hosil qiladi. Ushbu toshmalar mayda husnbuzarlarga oʻxshab ketadi. Toshmalar juda sezilarli boʻlgani sabab baʼzida ota-onalarni havotirlantiradi. Issiqlik toshmasi isitma va boshqa xavfli alomatlarga olib kelmaydi. Ammo ayrim hollarda toshma qichishishi tufayli bolangiz bezovta boʻlishi mumkin.
Eng koʻp uchraydigan belgilari quyidagicha:
- Pushti yoki qizgʻish boʻrtgan nuqta va toshma shaklida boʻladi;
- Chaqaloqlarda koʻpincha boʻyin, qoʻltiq, tirsak burmalari va taglik taqiladigan sohada uchraydi;
- Kichkintoylar va katta yoshdagi bolalarda toshma odatda boʻyin, koʻkrak va bel sohasida paydo boʻladi;
- Toshma kamdan-kam hollarda yuz, kaft yoki oyoq tagi sohalarida uchraydi;
- Baʼzida issiqlik toshmasi qichishi mumkin;
- Toshma qashlansa, koʻpayishga moyil boʻladi;
- Chaqaloqlar terisida issiqlik toshmasi mayda-mayda suv pufakchalari shaklida uchraydi.
Muhim: Bolalarda uyqu normasi va uyquning afzalliklari
Issiqlik toshmalarini davolash
Toshma odatda jiddiy xavf tugʻdirmaydi va bir necha kun ichida oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadi.
Quyidagi usullar yordamida chaqaloqdagi noqulaylikni yengillashtirish va tuzalishini tezlashtirish mumkin:
- Issiqlik toshmalarining birinchi belgisi kuzatilganda bolani salqinroq joyga oʻtqazing;
- Bola terisini salqin va quruq holda saqlang;
- Toshma mavjud joyga kompress (yumshoq matoni bir necha qavat qilib iliq suvga boʻktirib olingani) qoʻying;
- Bola terisini salqin suv bilan biroz namlang, soʻng ehtiyotkorlik bilan quriting;
- Terini salqin saqlash uchun chaqaloqning ortiqcha kiyimlarini yeching, xonani ham salqin holda saqlang;
- Bolaga koʻproq suyuqlik ichiring, bunda chaqaloqlarni koʻkrak suti bilan talab darajasida boqish, katta yoshdagi bolalarga koʻproq suv ichirib turish tavsiya etiladi.
Muhim: Turli toshmaga qarshi kremlardan shifokor koʻrsatmasisiz foydalanmang. Issiqlik toshmasi allergik toshma turiga kirmagani uchun ham davolovchi kremlardan foydalanish yordam bermasligi mumkin.
Issiqlik toshmalarining oldini olish
Chaqaloqlarda issiqlik toshmasi xavfini kamaytirish uchun quyidagilar tavsiya qilinadi:
- Chaqaloqlarni mavsumga moslab kiyintiring. Ularni har doim, ayniqsa issiq havoda qalin matolarga oʻrab tashlash shart emas;
- Paxta matosidan tayyorlangan keng, teri nafas oladigan kiyimlarni tanlang;
- Chaqaloqlarni toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlaridan uzoqroq tuting;
- Issiq havoda chaqaloqlarni salqin joyda saqlang. Oʻta issiq havo kuzatilsa, konditsionerdan foydalanib xonani ham salqinlating;
- Chaqaloqlarni isitish moslamalari yoki boshqa issiqlik manbalari yaqinidan uzoqroq saqlang;
- Ortiqcha terlash holatlarini kuzatib boring. Agar chaqaloq terisi qizarib ketsa yoki terlayotgan boʻlsa, uni salqinroq joyga oʻtqazing.
“Lalu” mobil ilovamizni yuklab oling va chaqalogʻingizni toʻgʻri parvarishlash boʻyicha shifokorlardan maslahatlar oling. Lalu bilan professional onaga aylaning!