Рубрики
Kasalliklar

Homiladorlikda qon bosimi oshishi — turlari va profilaktikasi


Mobil ilovani yuklab oling

Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.


Homiladorlikning istalgan davrida yuqori qon bosimi yoki gipertenziya bo’lishi mumkin. Homiladorlikda qon bosimi oshishi ayolga ko’proq ta’sir etadi. Agar u davolanmasa, kasallik o’zining va bo’lajak farzandining sog’ligi bilan bog’liq jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Homiladorlikda gipertenziya turlari

Qon bosimi 140/90 millimetr simob ustunidan yuqori yoki shunga teng bo’lsa, qon bosimi yuqoriligini bildiradi. Homilador ayollar yuqori qon bosimini 3 turidan birini boshdan kechirishlari mumkin, bular: surunkali gipertenziya, homiladorlik gipertenziyasi va preeklampsiya.

Surunkali gipertenziya

Surunkali gipertenziya bilan og’rigan ayollar homilador bo’lishdan oldin yuqori qon bosimi bo’lgan yoki homiladorlikning birinchi yarmida yoki 20-haftasida ularda yuqori bosim paydo bo’lgan bo’lishi mumkin. Ayoldagi surunkali gipertenziya deb nomlangan bu kasallik prreklambsiya bilan birgalikda kelishi mumkin. Surunkali gipertenziyaga ega bo’lgan ayollarda siydikda normal miqdorda bo’lmagan protein bo’lishi ya’ni protenuriya bo’lishi mumkin.

Siydikda protein bo’lishi buyraklar bilan bog’liq muammolarni ko’rsatadi. Ayollarda shuningdek, jigar bilan bo’liq muammolar ham bo’lishi mumkin.

Homiladorlik bilan bog’liq gipertenziya

Homiladorlikdagi gipertenziya faqat homiladorlik davrida bo’lib, bunda siydikda oqsil bo’lmaydi va jigarda o’zgarish kuzatilmaydi. Ayollarda bu holat odatda, homiladorlikning ikkinchi yarmida yoki 20-haftadan keyin rivojlanadi. Yuqori qon bosimining bu ko’rinishi odatda, vaqtinchalik bo’lib, tug’ruqdan keyin o’tib ketadi. Biroq bu ayolning keyingi hayotida qon bosimi yuqori bo’lishi xavfini rivojlantirishi mumkin. Ba’zi hollarda homiladorlikdan keyin qon bosimi ko’tarilib, bu surunkali gipertenziyaga olib keladi.

Preeklampsiya

Preeklampsiya bu — ayollarda homiladorlik davrida yoki tug’ruqdan so’ng rivojlanishi mumkin bo’lgan yuqori qon bosimi kasalligi. Bu og’ir oqibatlarga olib keladigan jiddiy kasallik. Bu odatda, uchinchi uch oylikda sodir bo’ladi. Tug’ruqdan so’ng kamdan-kam hollarda paydo bo’ladi, ammo yuzaga kelishi mumkin.

Preeklampsiya belgilari quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Yuqori qon bosimi;
  • Protenuriya;
  • Yuz va qo’llarda shish;
  • Suyuqlik to’planishi tufayli tana vaznining ortishi;
  • Bosh og’rishi;
  • Bosh aylanishi;
  • Nafas qisishi;
  • Qorinda og’riq;
  • Ko’ngil aynishi va qusish;
  • Ko’z o’tkirligining kamayishi;
  • Yorug’likka sezgirlikning oshishi.

Onaga gipertenziya asoratlari

Agar qon bosimi oshishi og’ir va nazorat qilinmagan bo’lsa, bu holat ona va uning bo’lajak farzandi uchun asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Homiladorlikdagi qon bosimi yuqori bo’lishi keyinchalik ham ayollarni sog’ligida muammolar xavfini oshiradi. 2013-yildagi tadqiqotga ko’ra, homiladorlik gipertenziyasi yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti (yurak xuruji), yurak yetishmovchiligi va ishemik insult xavfi bilan bog’liqligi aniqlangan. Noto’g’ri boshqarilgan yuqori qon bosimi ayolda preeklampsiya va qandli diabet rivojlanishi xavfini keltirib chiqaradi.

Homila uchun gipertenziya xavfi

Yuqori qon bosimi chaqaloqning erta tug’ilishiga, uning o’lchami normaga nisbatan kattaroq yoki kichikroq bo’lishiga, shuningdek, uning o’limiga olib kelishi mumkin. Onadagi yuqori qon bosimi uning qon tomirlariga ta’sir qiladi. Bu yo’ldosh orqali homilaga keladigan oziq moddalar oqimini kamayishiga olib keladi va natijada bola kam vaznga ega bo’lib tug’iladi. Gipertenziya bilan bog’liq erta tug’ish chaqaloq sog’ligi uchun qator asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, bolada o’pka to’liq rivojlanmagan bo’lsa, erta tug’ilgan bolada nafas olish bilan bog’liq birmuncha qiyinchiliklarni yuzaga chiqarishi mumkin.

Belgilari

Amerika yurak assotsiatsiyasi yuqori qon bosimini “jim qotil” deb ataydi, chunki unga ega bo’lgan ko’pchilik odamlarda kasallikning alomatlari paydo bo’lmaydi. Bu shuni anglatadiki, odamda o’zi bilmagan holda yuqori qon bosimi bo’lishi mumkin. Qon bosimini nazorat qilish prenatal parvarishning muhim qismidir. Ayollarda homiladorlikdan oldin, homiladorlik davri davomida va homiladorlikdan keyin yuqori qon bosimi paydo bo’lishi mumkinligini yodda tutish muhim hisoblanadi.

Homiladorlikda qon bosimi oshishini davolash

Surunkali gipertenziya bilan og’rigan ayollar homiladorlik davri davomida antigipertenziv dori vositalarini qabul qilib turishlari kerak. Biroq, ba’zi keng tarqalgan antigipertenziv dori vositalarini homiladorlar qabul qilishlari mumkin emas, shuning uchun kardiolog va ginekolog shifokorlar qabulida bo’lish hamda nazoratda turish lozim.

Agar ayolda qon bosimi oshishi og’ir kechayotgan bo’lsa, yoki ayolda preeklampsiya yoki eklampsiya rivojlanayotgan bo’lsa, shifokor unga qon bosimini pasaytirish uchun dori-darmonlarni buyurishi va ayolning homiladorligi to’liq muddatli bo’lmasa, bolaning yetilishi uchun yordam berishi mumkin. Ayollar nazoratda bo’lishi uchun shifoxonaga yotqizilishlari mumkin.

Homiladorlikda qon bosimi o’zgarishi profilaktikasi

Oddiygina turmush tarzini o’zgartirish, masalan, ko’proq harakat qilish, ratsional ovqatlanish yuqori qon bosimini oldini olishda yordam beradi. Shuni ta’kidlash kerakki, ba’zi xavf omillari, shuningdek, oila tarixi, irq va oldingi homiladorlik tarixi, bular inson nazorati ostida emas. Shu sababli, homiladorlikda qon bosimi oshishi holatining barcha xavf omillarini ham oldini olishning iloji yo’q.

Homiladorlik paytida yuqori qon bosimi xavfini kamaytirishning bir qancha usullari bor. Ular:

  • tuzni iste’mol qilishni cheklash;
  • namlikni saqlab qolish;
  • kelchatkaga asoslangan (meva, sabzavotlar) oziq-ovqatlarga boy va qayta ishlangan ovqatlar kam bo’lgan muvozanatli ovqatlanish;
  • muntazam homiladorlik mashqlarini bajarish;
  • prenatal tekshiruvlardan muntazam o’tish;
  • chekish va spirtli ichimliklarni iste’mol qilmaslik.

Homilador ayollar butun homiladorlik davomida qon bosimini muntazam ravishda tekshirtirib turishlari tavsiya etiladi, ayniqsa xavf omillari mavjud bo’lsa. Bu kasallikni erta aniqlash va zaruriy chorani o’z vaqtida ko’rsatish imkonini beradi.

Foydali maqola: Homiladorlikda nimalar mumkin emas? Eng zararli 11 mahsulot

Ushbu maqola www.cdc.gov va medicalnewstoday.com ma’lumotlari asosida «Lalu» jamoasi tomonidan tayyorlandi.

Добавить комментарий

error: Saytdan maʼlumot ko‘chirish mumkin emas!