Mobil ilovani yuklab oling
Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.
Yangi tug’ilgan chaqaloqda tana haroratini nazorat qiluvchi tizim yaxshi rivojlanmagan bo’ladi. Agar chaqalog’ingiz 3 oylikdan kichik bo’lsa va to’g’ri ichak harorati yoki temporal arteriya harorati 38°C yo undan yuqori bo’lsa, darhol chaqalog’ingizni mahalliy pediatr shifokoriga ko’rsating. Bu favqulodda holat. Chaqalog’ingizning umumiy salomatlik holatini baholash uchun shifoxonaga olib boring. Chaqaloqlarda isitma chiqishi turli sabablar tufayli yuzaga kelishi mumkin.
Kichkintoyning normal tana harorati 36,1 °C dan 37,9 °C darajagacha bo’lishi mumkin. Mutaxassislar 38 °C yoki undan yuqori rektal haroratni isitma deb hisoblashadi.
Yangi tug’ilgan chaqaloqda isitma kuzatilishi jiddiy kasallikning belgisi bo’lishi mumkin. Yangi tug’ilgan chaqaloqlar turli infeksiyalarga ko’proq moyil (chidamsiz) bo’lishadi, shuning uchun boladagi infeksiyaning har qanday belgilariga jiddiy munosabatda bo’lib, professional shifokor yordamiga tayanish kerak.
Chaqaloqlarda isitma chiqishi bilan namoyon bo’ladigan keng tarqalgan muammolardan biri bu nafas olish tizimining infeksion kasalliklaridir. Yangi tug’ilgan chaqaloqlar kattaroq bolalarga qaraganda burunlari orqali ko’proq nafas oladilar, shuning uchun ularda burun bitishi nafas olishni qiyinlashtirishi mumkin. Yangi tug’ilgan chaqaloqlarning havo yo’llari ham nisbatan kichikroq hajmga ega.
Kislorod yetishmasligi yangi tug’ilgan chaqaloqqa jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Agar chaqaloq nafas olishda qiynalayotgan bo’lsa, lekin isitmasi ko’tarilmasa ham, shifokor bilan bu to’g’risida maslahatlashing.
Yangi tug’ilgan chaqaloqning nafas olishida muammo borligini ko’rsatadigan belgilar quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- xirillash;
- nafas olishda burun teshigining keng ochilishi;
- teri rangining oq yoki ko’kish bo’lishi, ayniqsa tirnoq yostiqchalari atrofida yoki og’iz atrofida (bu belgilarni chaqaloqlarda aniqlash qiyinroq)
- nafas olayotganda qovurg’alararo mushaklarning tortilishi.
Agar chaqaloqda nafas olish muammosi va isitma yuzaga kelsa, ota-ona ularni darhol shifoxonaga olib borishi yoki tez yordamga murojaat qilishi lozim.
Foydali tavsiyalar
Farzandingizning haroratini tekshirish uchun har doim raqamli termometrdan foydalaning. Hech qachon simobli termometrdan foydalanmang. Chunki ular sinsa, simob ta’sirida zaharlanish xavfi yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, kichkintoy va chaqaloqlar uchun rektal termometrdan to’g’ri foydalanish qoidalariga qat’iy amal qiling.
Amerika Pediatriya Akademiyasi tavsiyasiga ko’ra, 3 yoshgacha bo’lgan bolalarda aniq natijalarga erishish uchun tana haroratini to’g’ri ichakda o’lchash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu bolaning to’g’ri ichagiga termometr qo’yish orqali amalga oshiriladi.
To’g’ri ichak termometridan noto’g’ri foydalanish, to’g’ri ichakka jiddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkin. To’g’ri foydalanish uchun har doim mahsulot ishlab chiqaruvchining ko’rsatmalariga amal qiling.
Agar rektal haroratni o’lchashda o’zingizni noqulay his qilsangiz, boshqa usuldan foydalaning yoki rektal harorat o’lchashni mutaxassislardan o’rganib oling. Farzandingizning shifokori bilan gaplashganingizda, unga bolangizning haroratini o’lchash uchun qaysi usuldan foydalanganingizni ayting.
Foydali: Bolaning ichi yashil kelsa, nima qilish kerak?
Ortiqcha qizib ketish
Isitmalaganda bolaning sovib ketmasligi ham muhim. Ammo chaqaloq ko’p qavatli kiyim va adyol bilan o’ralishi oqibatida haddan tashqari qizib ketishi mumkin. Bunda chaqaloqning yuzi issiq, qizargan va bola bezovta bo’lishi, ko’p yig’lashi mumkin. Haddan tashqari qizib ketmaslik uchun:
- Farzandingizni har qanday issiqlik manbasidan uzoqroq tuting. Misol uchun, xona isitgichi, kamin, yoki to’g’ridan-to’g’ri quyosh nuri tushishidan saqlang.
- Uyingizni taxminan 22 °C dan 24 °C gacha bo’lgan haroratda saqlang;
- Farzandingizni o’rtacha qalinlikda kiyintiring. U sizdan ko’ra qalinroq kiyim kiyishga muhtoj emasligini esingizda saqlang.
Chaqaloqlarda isitma suvsizlanish oqibati
Yangi tug’ilgan chaqaloqlar ona suti yoki aralashmani yetarli darajada iste’mol qilmasligi mumkin. Bu tana haroratining oshishiga olib kelishi mumkin. Agar chaqalog’ingiz ko’krak sutini yetarli darajada iste’mol qilmayapti deb o’ylasangiz, u shifokorga murojaat qiling. Onalar uchun foydali ko’nikmalar: emizish qoidalari, bolaning ovqatlanish miqdorini nazorat qilish kabi muhim bilimlarni o’rganing. Bunday bilim va ko’nikmalarni egallashda «Lalu» o’zining ishonchli va foydali resurslari orqali sizga yordam berishi mumkin.
Farzandingiz haroratini qanday tekshirish algoritmini aniq egallab olganingizga ishonch hosil qiling va bolajoningiz aptechkasi uchun termometr xarid qiling. Agar chaqalog’ingizda isitma bo’lsa, albatta shifokor bilan maslahatlashing.
Maqola Stenford bolalar salomatligi markazi , Amerika pediatriya akademiyasi hamda WebMD nashri ma’lumotlari asosida «Lalu» jamoasi tomonidan tayyorlandi.