Mobil ilovani yuklab oling
Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.
Homiladorlik paytida bo’lajak ona infeksiyalarni yuqtirish ehtimoli va ularning homila rivojlanishiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida odatdagidan ko’proq qayg’uradilar. Ushbu maqolamiz orqali siz bilan homiladorlikda tez-tez uchraydigan infeksiyalar, ularning bolaga qanday ta’sir qilishi va infeksiyalar rivojlanishining oldini olish usullarini ko’rib chiqamiz.
Homiladorlik har bir ayolning hayotidagi eng go’zal davrlardan biri bo’lishi bilan birgalikda, uning eng himoyasiz davri ham hisoblanadi. Shuning uchun, ayolda biror infeksion kasallik aniqlansayu, davo choralari ko’rilmasa, uning jiddiy asoratlari paydo bo’lishi mumkin. Homilador ayollarning doimiy ravishda mutaxassislar nazoratida bo’lishining shartligi ham bejizga emas.
Homiladorlikda zamburug’ infeksiyalar
Zamburug’ infeksiyalari (Candida) boshqa vaginal infektsiyalar singari, homiladorlik paytida tez-tez uchraydi. Bu vaqtda organizmda sodir bo’ladigan gormonal o’zgarishlar va immunitetning umumiy pasayishi ularning rivojlanishining asosiy sababidir.
Ushbu infeksiyasining eng keng tarqalgan belgilari jinsiy a’zolarda qichishish, oq, tvorogga o’xshash vaginal ajralma, kichik hojatda og’riq yoki noqulaylik, qindan achigan pivo kabi hid kelishi, qin atrofida og’riq yoki achishish hissi kabilar hisoblanadi.
Yuqumlik kasallik homilador ayolga aniqlansa, albatta shifokor bilan maslahatlashib davolash chorasini ko’rish shart.
Homiladorlikda infeksiyalar: Bakterial vaginoz
Hozirgi kunda bu infeksiyani davolash oson. U quyidagi alomatlar bilan birga keladi:
- qichishish, achishish, jinsiy sohadagi og’riq;
- ko’p miqdorda ajralma;
- yoqimsiz hidning paydo bo’lishi.
Bakterial vaginozni davolash kerak. Aks holda, homila erta tug’ilishiga olib kelishi mumkin.
Homiladorlik muammosi: Homiladorlik xolestazi kasalligi
B guruh streptokokklari
Kasallik ko’pincha to’g’ri ichakda va qinda joylashgan bakteriyalar guruhi tomonidan qo’zg’atiladi. Ular o’ziga xos simptomlar bilan yuzaga chiqmasligi mumkin. Biroq xavf ona tomonidan homilaga infeksiyaning o’tish ehtimoli bilan bog’liq va bu ko’plab kutilmagan xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin, jumladan yangi tug’ilgan chaqaloqning nobud bo’lishiga ham sabab bo’lishi mumkin.
Bachadon infektsiyalari
Bunday infektsiyalar to’g’ridan-to’g’ri yo’ldoshga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Ayol vaqtidan erta tug’ishi yoki homila turli anomaliyalarga duch kelishi mumkin.
Bachadon infeksiyalari ko’pincha qindan bakteriyalar bachadonga o’tganda rivojlanadi, shuning uchun davolanmagan qin infeksiyalari bachadon infeksiyalari uchun xavf omilidir.
Qindan bachadonga infeksiyaning kirib kelishini oldini olishning iloji yo’qligini har bir homilador ayol tushunishi juda ham muhim. Agar homilador ayolda vaginal infeksiyalar aniqlansa, albatta to’liq davolanish amalga oshirilishi shart.
Ushbu holatda ayolni kasalxonaga yotqizish kerak bo’lishi mumkin, lekin ko’pincha davolanish ambulatoriya sharoitida antibiotiklar kursi, mikroflorani tiklovchi dorilar va boshqalar yordamida amalga oshiriladi.
Boshqa infeksiyalar
Homiladorlik paytida quyidagi infektsiyalar ham xavflidir:
- gripp;
- gepatit E;
- OIV;
- oddiy gerpes;
- listerioz;
- qizamiq.
Infeksiyalarni davolash uchun buyurilgan barcha dorilar homilador ayollar uchun xavfsiz emas. Shuning uchun, homiladorlikda u yoki bu holatda qaysi dorini tanlash va davolash usulini aniqlash kabi har qanday masalada ham shifokor bilan maslahatlashish muhim ahamiyatga ega.
Tegishli maqola: Homiladorlikda isitma chiqishi — sabablari, xavfi va isitmani tushirish usullari
Ona infeksiyalarining homilaga ta’siri
Ko’p infeksiyalar homila rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Buning oqibatlari qanchalik jiddiy bo’lishini oldindan aytish mushkul, chunki har bir organizm individualdir. Ba’zi kasalliklar onaning tanasiga salbiy ta’sir ko’rsatishi, boshqalari bolada turli anormalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Abort qilish va erta tug’ilish kabi xavfli oqibatlarga olib keladigan infeksiya turlari ham mavjud.
Ona vujudida rivojlanayotgan homila uchun quyidagi infeksiyalar eng xavfli hisoblanadi:
- gonoreya;
- xlamidiya;
- bakterial vaginoz;
- OIV, sifilis, gerpes, gepatit;
- toksoplazmoz;
- streptokokk;
- sitomegalovirus;
- listeriya.
Boshqa infektsiyalar ham homilaga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun barcha homilador ayollarda bezovtaliklar mavjudligini aniqlash va o’z vaqtida samarali hamda xavfsiz davolanishni tayinlash uchun keng qamrovli tekshiruvlar tayinlanadi.
Bu jarayonda homilador ayolning ham o’zi ma’suliyatni his qilgan holda homiladorlikdagi o’zgarishlarga befarq qaramasligi, har qanday noodatiy o’zgarish kuzatilganda mutaxassis bilan maslahatlashishi lozim. Shuningdek homiladorlikdagi normal o’zgarishlarni kuzatib borish ham ayolga patologik o’zgarishlarni tezda payqash imkonini beradi.
Homiladorlikdagi normal o’zgarishlarni kuzatib borish uchun esa, «Lalu — Homiladorlik kalendari» singari foydali va ishonchli mobil ilovalardan foydalaning.
Homiladorlikda infeksiyalar diagnostikasi
Homilador ayolda barcha turdagi infeksiyalarni aniqlash uchun unga keng qamrovli tekshiruv, antikor borligi uchun venadan qon tekshiruvi va qindan surtma tayinlanadi. Ushbu yondashuv klinik ko’rinishni obyektiv baholash, barcha muammolarni o’rganish va zarur choralarni ko’rish imkoniyatini beradi.
Oldini olish
Amerika pediatriya akademiyasi homiladorlikda infeksiyalar xavfini kamaytirish hamda oldini olish uchun ba’zi strategiyalarni taqdim etadi:
- Gigiyena qoidalariga qat’iy amal qiling (oddiygina, qo’llarni muntazam yuvish ham ba’zi infeksiyalardan yaxshi himoya hisoblanadi);
- Go’shtni yaxshi tayyor bo’lgunga qadar pishiring;
- Pasterizatsiya qilinmagan (xom) sut va undan tayyorlangan mashulotlardan saqlaning;
- Shifokoringizdan B guruhi streptokokklari bo’yicha maslahat oling;
- Grippga qarshi emlashni shifokor bilan maslahatlashing, qarshi ko’rsatmalar bo’lmasa, vaksina oling;
- Jinsiy yo’l bilan yuqadigan infeksiyalarni aniqlash yoki istisno qilish uchun tahlil topshiring;
- Yuqumli kasallik bilan og’rigan bemorlardan saqlaning;
- O’zingizni kasalliklarni tashuvchi hasharotlardan himoya qiling;
- Mushukning iflos axlatiga va ifloslangan tuproqqa tegmang. (Toksoplazmoz infeksiyasi bo’lishi mumkin)
Foydali maqola: Homiladorlikda nimalar mumkin emas? Eng zararli 11 mahsulot