Mobil ilovani yuklab oling
Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.
Bolalarni tug‘ilgandan boshlab maʼlum muddat davomida ko‘krak suti bilan oziqlantirishi tibbiyotda qo‘llaniladigan aniq taʼrifli atama emas, balki madaniy belgidir. Bolalarini odatdagidan farqli ravishda uzoq muddat emizadigan (ko‘krak suti bilan oziqlantiradigan) ayollar qadriyatlari asosida shakllangan tushunchalar mavjud xolos.
Amerika pediatriya akademiyasi chaqaloqlar hayotining birinchi 6 oyida onalarga farzandlarini ko‘krak suti bilan oziqlantirishni tavsiya etadi. Kamida 1 yil davomida bolalar ona suti bilan oziqlanadi, keyingi davrlarda bolaning faol rivojlanishi uchun qo‘shimcha mahsulotlarni qo‘shish mumkin.
Bolalarni uzoq muddat ko‘krak suti bilan oziqlantirishning foydalari
Shifokorlar, xususan, soha mutaxassislarining fikricha, onalar bolalarini uzoq muddat emizishlari va ko‘krak suti bilan boqishlari chaqaloqning salomatligini mustahkamlashga yordam beradi. Bolalarni uzoq muddat ona suti bilan oziqlantirishning ijobiy natijalari xususida tadqiqotchilar olib borgan izlanish shuni ko‘rsatadiki, ona suti bolaga foydali elementlarni yetkazishga ko‘maklashadi.
Biz quyida ularning ayrimlari bilan sizlarni tanishtiramiz:
Onaning salomatligi: bolalarini uzoq muddat ko‘krak suti bilan boqqan ayollarda ko‘krak saratoni, tuxumdon saratoni, 2-tipdagi qandli diabet va yuqori qon bosimi xavfi kamroq bo‘ladi;
Bola salomatligi: ona suti tarkibi infeksiyalarga qarshi kurashishda yordam beradigan antitanalarga boy. Ko‘krak suti bilan oziqlanadigan chaqaloqlarda astma, chaqaloqlardagi to‘satdan o‘lim sindromi (SIDS), quloq infeksiyalari, diareya kasalliklari, nafas olish yo‘llari infeksiyalari va qandli diabet kabi kasalliklar kamdan kam kuzatiladi;
Hissiy farovonlik: baʼzi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ona suti bilan farzandlarini boqadigan onalarda boshqa ayollarga nisbatan tashvish, stress va depressiya darajasi pastroq bo‘ladi. Ko‘krak suti bilan farzandlarini oziqlantirayotgan onalar va bolalar o‘rtasida faol kommunikatsiya kuzatiladi;
Oson tinchlantirish: bolalarni tinchlantirishda emizish eng yaxshi vosita. Ko‘p hollarda onalar bolani uxlatishda va yig‘lagan vaqtida tinchlantirishda emizishlari kifoya;
Qulaylik: ona suti bolaning qayerda bo‘lishidan qatʼiy nazar tez ovqatlanishi, oziq-ovqat yoki suyuqlikni kechiktirmasdan organizmga yetkazishga xizmat qiladi;
Oziqlantiruvchi qo‘shimcha: ona suti bola hayotining birinchi yilidan keyin ham to‘yimli oziq-ovqat manbai hisoblanadi. Bolalar yangi ovqatlar bilan oziqlanish davrida ham ona suti bolalarning oziqlanishidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga yordam beradi.
Foydali maqola: Laktatsiyani oshirish uchun eng foydali mahsulotlar
Bolalarni uzoq muddat ko‘krak suti bilan oziqlantirishning zararlari
Agar bola 1 yoshdan keyin yetarli darajada qo‘shimcha ovqatlarni isteʼmol qilsa, emizishga ehtiyoj yo‘q. Bolalarni uzoq muddat ko‘krak suti bilan oziqlantirishning kamchiliklari xususida quyidagilarni keltirishimiz mumkin:
Madaniy stigma: ko‘pgina g‘arb mamlakatlari ayollari odatda uzoq muddatli emizishni norma deb hisoblamaydi;
Vaqt: emizish onalardan vaqt va kuch talab etadi. Insonning vaqti qimmatli va yosh bolalari bo‘lgan onalar uxlash, ishlash, sevimli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish va o‘z-o‘zini parvarish qilish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lish uchun uzoq muddat bolalarini emizishdan voz kechishadi;
Ish joyidagi muammolar: ishlaydigan ayollar bolasiga kun davomida kam vaqt sarflagani bois, emizish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.
Fertillik: Emizish ovulyatsiya jarayonini bosib turadi, lekin bola o‘sib kattalashgani sari buning ehtimoli kamayadi.
Bolalarni emizishni qachon to‘xtatish kerak?
Sog‘lom farzandni tarbiyalamoqchi bo‘lgan onalar o‘z farzandlari hayotining dastlabki 6 oyi davomida ko‘krak suti bilan oziqlantirishni tavsiya etadi. Aslida, 6 oydan so‘ng bolalar menyusiga yangi mahsulotlarni kiritish mumkin. Umuman olganda, onalar kamida birinchi yilning oxirigacha bolani emizishni davom ettirishlari lozim.
Ushbu dastlabki bosqichdan so‘ng, emizishni davom ettirish siz va farzandingiz uchun qanchalik ma’qul kelayotganligini o‘ylab ko‘rishingiz kerak.
O’qing: Bola rivojlanish bosqichlari: Eshitish va tovush chiqarish
Bunga oydinlik kiritish uchun o’zingizga quyidagi savollarni berishingiz mumkin:
- Farzandim va men emizishdan foyda ko‘rayotganimizni his qilyapmanmi?
- Emizishni davom ettirishni xohlaymanmi?
- Emizish boshqa muqobillariga qaraganda qulaymi?
- Emizishni to‘xtatish uchun boshqa sabab bormi?
Emizishni to‘xtatish uchun aniq bir to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri muddat yo‘q va bu butunlay shaxsiy tanlovdir. Har bir inson qaror qabul qilishda uzoq muddat emizish o‘zi va bolasi uchun qanchalik manfaatli ekanligiga e’tibor qaratishi kerak.
Ushbu maqola medicalnewstoday.com hamda cdc.gov ma’lumotlari asosida «Lalu» jamoasi tomonidan tayyorlandi.